Ukraina dronlari va raketa hujumlari ortidan Rossiyada neft qayta ishlash hajmi keskin qisqarib, sutkasiga 4,58 million barrelga tushdi. Bu ko‘rsatkich 2009 yildan beri qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.
Xabarlarga ko‘ra, bir qator neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan zarbalar ishlab chiqarish zanjiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ichki bozorda benzin va aviasiya yoqilg‘isi taqchilligining oldini olish maqsadida Rossiya hukumati aviasiya yoqilg‘isi eksportini noyabr oyigacha taqiqlash haqida qaror qabul qildi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu cheklov mamlakat ichida kerosin va benzin zaxiralarini saqlab qolish hamda narxlar keskin o‘sishining oldini olishga qaratilgan.
Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari neft sanoati barqaror ishlayotganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, qayta ishlash hajmining 16 yillik minimumga tushishi sohadagi muammolar kuchayib borayotganidan darak bermoqda.