Bugun 22 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

NATO–Rossiya qarama-qarshiligida so‘nggi haftada nimalar bo‘ldi?

NATO–Rossiya qarama-qarshiligida so‘nggi haftada nimalar bo‘ldi?

🇵🇱 Polsha Rossiyadan xavf haqida ogohlantirdi. Bosh vazir Donald Tusk Rossiya NATO davlatlari hududiga dron yoki raketa kiritilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan «gibrid hujumlar»ga tayyorlanayotgani haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, maqsad NATOning javob berish irodasini zaiflashtirish bo‘lishi mumkin. Tusk bu bayonotni NATO, Ukraina va AQSh razvedka ma’lumotlariga tayanib berganini aytdi.

🇱🇹 Litvada NATO qiruvchisi dronni urib tushirdi. 15 sentyabr kuni Italiyaning NATO missiyasidagi qiruvchisi Litva havo hududiga kirgan dronni yo‘q qildi. Litva rasmiylari dron Belarus tomonidan kirgani va unda portlovchi qurilma bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi; Italiya mudofaa vaziri esa uni ehtimol Rossiya droni deb baholadi. Holat bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda.

🚢 Baltikada ham keskinlik oshdi. 14 sentyabr kuni Rossiya harbiy kemasi Daniya harbiy-havo kuchlarining vertolyotiga ikki marta signal raketasini otgan. Daniya buni qabul qilib bo‘lmaydigan harakat deb atadi. NATO esa so‘nggi oylarda havo hududi buzilishi, dronlar va gibrid harakatlar ko‘payganini ta’kidlamoqda.

🛡 Evropa mudofaaga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda. NATO havo himoyasini oddiy «havo patruli»dan dron, raketa, kiber va boshqa tahdidlarni qamrab oluvchi ko‘p qatlamli tizimga o‘zgartirmoqda. Germaniya Litvada doimiy bronetexnika brigadasini joylashtirishni kuchaytirmoqda, NATO esa Sharqiy qanotda kuchlarni tez harakatlantirish va infratuzilmani himoya qilishga urg‘u beryapti.

🇪🇺 Evropa Rossiyaga nisbat berilayotgan diversiya, kiberhujum, yoqishlar, dronlar va dezinformasiya holatlaridan xavotir bildirmoqda. YEK rahbari Ursula fon der Lyayen hatto NATOning 4-moddasiga o‘xshash, harbiy urush darajasiga yetmagan gibrid hujumlarga jamoaviy javob berish mexanizmini taklif qildi. Rossiya esa Yevropa davlatlarining bunday ayblovlarini rad etib kelmoqda.

🇩🇪🇫🇷 Germaniya, Buyuk Britaniya, Litva kabi davlatlar urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aholini oziq-ovqat jamlashga, shifoxonalarni yaradorlarni qabul qilishga tayyorlamoqda. Fransiya prezidenti Makron esa "So‘nggi haftalarda Rossiyaning Fransiya va Yevropaga qarshi gibrid tahdidi kuchaydi. Yoz boshidan beri Rossiya Yevropa manfaatlariga qarshi hujumlarini ikki baravar oshirdi" deb bayonot berdi.

Hozircha NATO va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush boshlangani yo‘q. Ammo so‘nggi haftada havo hududiga kirishlar, dronlarni urib tushirish, Baltikadagi insidentlar, diversiyadan xavotir va harbiy tayyorgarlikning kuchayishi qarama-qarshilikning tobora xavfliroq tus olayotganini ko‘rsatmoqda. Yevropa davlatlari ayniqsa «harbiy urushdan oldingi gibrid bosim» ssenariyiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti.

Kiritildi: 20:15 21.09.2026. O'qildi: 766 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!