Bugun 18 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Surxondaryoda 3700 yillik qabrlar o‘rganilmoqda

Surxondaryoda 3700 yillik qabrlar o‘rganilmoqda

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Tadqiqotlar Madaniy meros agentligi, YA. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

2026 yil 15 avgustdan buyon davom etayotgan tadqiqotlar davomida yodgorlikning janubi-g‘arbiy qismida 10 dan ortiq qabr o‘rganilmoqda.

Ozod yodgorligi 2023 yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qirg‘og‘ida o‘tkazilgan dala-qidiruv tadqiqotlari jarayonida aniqlangan. U Sho‘rchi tumani Ozod mahallasining janubi-sharqida, mashhur Dalvarzintepa yodgorligidan 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan.

200x100 metr hajmdagi tepalikda 100 ga yaqin qabrning kuzatilgani hududda qadimda kechgan hayot tarzi va dafn marosimlarini o‘rganish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.

Dastlabki tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, qabrlarning tuzilishi va ulardan topilgan ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga yaqin. Radiokarbon (¹⁴C) tahlili hamda topilmalarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500 yillar bilan sanalash imkonini bermoqda.

Ozod yodgorligida bronza davriga mansub ko‘p sonli qabrlarning aniqlangani uning ilmiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Mutaxassislar ushbu topilmalar Surxondaryo hududida qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishini qayd etmoqda.

Ozod yodgorligida qazuv-tadqiqot ishlari hozir ham davom etmoqda.

Kiritildi: 19:24 17.09.2026. O'qildi: 1172 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!