Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotiga (ICAO) harbiy faollikning kuchayishi sababli Rossiya havo hududi fuqaro aviasiyasi uchun xavfsiz emasligi haqida maxsus xabarnoma yuborgan.
"Biz barchani u yerda parvoz qilishdan saqlanishga qat’iy chaqiramiz", – deb ta’kidladi ukrainalik vazir.
Shuningdek, Sibiganing ma’lum qilishicha, Rossiya o‘zining Ukrainaga qarshi tajovuzi keltirib chiqargan mavjud tahdidlarni ataylab e’tiborsiz qoldirmoqda va bu o‘tgan yillar davomida bir nechta noxush hodisalarga olib kelgan.
"So‘nggi kunlarda Moskva tomonidan terrorchilik harakatlari keskin kuchayishi kuzatilayotgani sababli, Rossiya ustidagi havo hududi tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Biz kutilmagan noxush hodisalarning oldini olmoqchimiz", – deya izoh berdi Sibiga.
TASS xabariga ko‘ra, ayni paytda “Rosaviasiya” Ukraina tomoni e’lon qilgan va Rossiya havo hududiga taalluqli bo‘lgan barcha hujjatlar hech qanday yuridik kuchga ega emasligini ma’lum qilgan. Idoraning ta’kidlashicha, Rossiya havo transporti va yer usti infratuzilmasi reyslarni, shu jumladan xorijiy aviakompaniyalar parvozlarini qabul qilib va jo‘natgan holda, odatdagi rejimda ishlashni davom ettirmoqda.
Kiritildi: 12:17 03.09.2026.
O'qildi: 823 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.