«Endi Bombardier’ning Qo‘shma Shtatlarda sotuvlari bo‘lmaydi! Agar ular bizning bozorimizga kirishni xohlasa, mahsulotlarini shu yerda ishlab chiqarishi va Amerikaga “hamyon” sifatida munosabatda bo‘lishni to‘xtatishi kerak», — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Trampning bu bayonoti AQSh va Kanada o‘rtasidagi savdo urushi kuchayib borayotgan bir paytda, Kanada tomonidan Amerika tovarlariga 20 milliard dollarlik javob bojlari joriy etilishiga bir necha soat qolganida yangradi.
Ayni paytda Tramp Bombardier kompaniyasining AQShda biznes yuritishini aynan qanday yo‘l bilan taqiqlashi mumkinligi noma’lum.
Monrealda joylashgan va asosan biznes-djetlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya AQShning Kanzas shtatida zavodga ega. U yerda maxsus vazifalar uchun mo‘ljallangan harbiy samolyotlar ishlab chiqariladi va zavod 3500 nafar amerikalikni ish bilan ta’minlaydi.
AQSh aerokosmik sanoati tahlilchisi Richard Abulafiya Bombardier biznes-djetlarining xaridorlari buyurtmalarini bekor qilishiga ishonmasligini va Tramp ularni samolyot sotishdan qanday qilib to‘sishi mumkinligini tushunmayotganini aytdi, deb yozadi Reuters.
Ekspert, shuningdek, Bombardier’ning aksariyat xususiy samolyotlarida Amerikada ishlab chiqarilgan dvigatellar qo‘llanilishini eslatdi.