Toshkent shahrida voyaga yetmagan bemorga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan 26 yoshli stomatolog yigitga jazo tayinlandi.
Sud qaroriga ko‘ra, voqea 2026 yil 9 mart kuni Uchtepa tumanida joylashgan klinikada sodir bo‘lgan. Klinikada terapevt-shifokor bo‘lib ishlagan SH.H. tishini davolash uchun kelgan 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sud majlisida huquqbuzar aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan va yengillik so‘ragan. Jabrlanuvchi hamda uning qonuniy vakili esa huquqbuzarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan.
Sud qayd etishicha, huquqbuzarning aybi uning ko‘rsatuvlari, jabrlanuvchi va qonuniy vakilining ko‘rsatmalari, ma’muriy bayonnomalar hamda boshqa dalillar bilan to‘liq isbotlangan.
Natijada SH.H. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi (shahvoniy shilqimlik) bilan aybdor deb topilib, unga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.