Bugun 22 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Toshkentda Uzeir Hojibeylining 141 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Toshkentda Uzeir Hojibeylining 141 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Toshkentda Ozarbayjonning buyuk bastakori, musiqashunos va pedagog, milliy opera va professional musiqa san’atining asoschisi Uzeir Hojibeylining tavalludining 141 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbir Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida XVIII Uzeir Hojibeyli xalqaro musiqa festivali doirasida tashkil etildi.

Unda O‘zbekistonning davlat va jamoat arboblari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, madaniyat va san’at namoyandalari, jurnalistlar, Ozarbayjon diasporasi vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Markaz rahbari Akif Marifli tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. U ikki xalqni mushtarak tarix, til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar birlashtirishini qayd etdi.

Akif Marifli Uzeir Hojibeylining Ozarbayjon musiqa va teatr san’ati rivojidagi xizmatlarini alohida ta’kidlab, uning ijodiy merosi O‘zbekistonda ham katta qiziqish bilan qabul qilinayotganini bildirdi.

Shuningdek, Markaz tomonidan 2025 yilda tashkil etilgan «Xaribulbul» teatr truppasi bastakor merosini O‘zbekistonda targ‘ib etishga hissa qo‘shayotgani qayd etildi.

Tadbirda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Mahir Jafarov elchi doktor Rashad Mammadovning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy, ma’naviy va madaniy aloqalar O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining muhim asoslaridan biri ekani ta’kidlangan.

Tadbir dasturidan Uzeir Hojibeylining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tayyorlangan xotira filmi namoyishi ham o‘rin oldi.

Kechaning badiiy qismida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi qoshidagi «Xaribulbul» teatr truppasi hamda «Qorabog‘ Zafari» raqs ansambli ishtirokida Uzeir Hojibeylining mashhur «Arshin mol olon» operettasi sahnalashtirildi.

Tadbir bastakorning boy ijodiy merosini O‘zbekistonda keng targ‘ib qilish, yoshlarni Ozarbayjon madaniyati bilan yaqindan tanishtirish hamda ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratildi.

Kiritildi: 18:32 17.09.2026. O'qildi: 509 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!