Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Toshkentda pul yuvish va firibgarlik bilan shug‘ullangan kiberjinoyatchilar qo‘lga olindi

Toshkentda pul yuvish va firibgarlik bilan shug‘ullangan kiberjinoyatchilar qo‘lga olindi

Gumonlanuvchilar yashirin onlayn-kazinolar va noqonuniy bukmekerlik idoralari manfaatlari yo‘lida qonunga xilof operasiyalarni amalga oshirib, pul mablag‘larini legallashtirish bilan shug‘ullangan.

Toshkent shahrida xalqaro kiberjinoyatchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Mutaxassislar Mirobod tumanida joylashgan uylardan birini ko‘zdan kechirgan. Tadbir davomida 9 ming dollar evaziga binoni ijaraga olib, u yerda noqonuniy faoliyat yuritgan 52 nafar fuqaro qo‘lga olingan.

«Ushbu guruh a’zolari yashirin onlayn-kazinolar va noqonuniy bukmekerlik idoralari manfaatlari yo‘lida bank kartalari orqali noqonuniy pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Boshqacha aytganda, ular pul mablag‘larini yuvish operasiyalari bilan shug‘ullangan», — deyiladi IIBB xabarida.

Ashyoviy dalil sifatida 110 ming dollar naqd pul, 71 ta noutbuk, 278 ta mobil telefon va Starlink sun’iy yo‘ldosh internetining uchta qurilmasi olib qo‘yilgan.

Katta Mirobod ko‘chasidagi boshqa manzilda yana bir noqonuniy faoliyat yuritgan koll-markaz aniqlangan. 2 ming dollar evaziga ijaraga olingan binoda 20 nafar fuqaro qo‘lga olingan.

«Ushbu guruh a’zolari boshqa jinoiy sxema asosida ishlagan. Ular internet orqali o‘zlarini ayol kishi sifatida tanishtirib, erkaklar bilan tanishgan, ularning ishonchiga kirgan va turli bahonalar bilan pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur manzildan 24 ta noutbuk, bitta planshet, 52 ta mobil telefon va to‘rtta Wi-Fi router ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, har bir guruhda vazifalar aniq taqsimlangan: rahbar, boshqaruvchi, operatorlar va qo‘riqchilar.

Ushbu guruhlar faoliyati orqali 576 ming dollarlik kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Kiritildi: 14:50 15.11.2026. O'qildi: 497 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik