Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Rossiyalik muxolif siyosatchi Boris Nemsovning qotillari yashirincha ozod qilinib, Chechenistonga qaytgan

Rossiyalik muxolif siyosatchi Boris Nemsovning qotillari yashirincha ozod qilinib, Chechenistonga qaytgan


Rossiyalik siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishida aybdor deb topilgan Zaur Dadayev, Anzor va Shadid Gubashevlar qamoqdan ozod qilinib, Chechenistonda yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Proyekt” nashri o‘zining surishtiruvida xabar berdi. Ular ozodlikka chiqishdan oldin Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan, biroq Ukrainaga qarshi urushda qatnashmagan.

“Proyekt” ma’lumotlariga ko‘ra, Nemsovga bevosita suiqasd uyushtirganlikda aybdor deb topilib, 20 yilga qamalgan Zaur Dadayev, shuningdek, jinoyatdagi sheriklari — 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Anzor Gubashev va 16 yilga hukm qilingan Shadid Gubashev Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzganidan so‘ng koloniyalardan ozod qilingan.

Ammo ular urushga jo‘natilmagan, aksincha Chechenistonga qaytgan. Nashr manbasining aytishicha, mahkumlarning qo‘yib yuborilishi shartlaridan biri — Chechenistonda tinch, ko‘zga tashlanmay yashashi bo‘lgan. Bundan maqsad ularning ozod qilinganidan hech kim xabar topmasligini ta’minlash edi.

Dadayev qamoqdaligidayoq Ramzan Qodirov ma’muriyati yuridik departamentining ekspertiza bo‘limi xodimi Irsana Mukayevaga uylangan. Shuningdek, Rossiya harbiy xizmatchilariga xizmat ko‘rsatuvchi Promsvyazbankda Zaur Sharipovich D. nomiga shaxsiy hisob raqami ochilgan.

Avvalroq “Novaya gazeta. Yevropa” Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha sudlangan yana bir shaxs — Temirlan Eskerxanov ozodlikka chiqqani haqida xabar bergandi. U Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, afv etilgan. Biroq urushga bormasdan, Rossiya tomonidan bosib olingan Mariupoldagi zavodlarni qo‘riqlashga yuborilgan.

Ushbu ish bo‘yicha jazo muddatini to‘liq o‘tab ozodlikka chiqqan yagona mahkum Hamzat Baxayev bo‘lgan. Shu tariqa Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha sudlangan barcha besh kishi hozirda ozodlikda.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Boris Nemsov 2015 yil 27 fevral kuni Moskvadagi Kreml devorlari yaqinida, Katta Moskvoreskiy ko‘prigida otib o‘ldirilgan. Unga yetti marta o‘q uzilgan, shundan so‘ng jinoyatchilar avtomobilda qochib ketgan. Qotillik buyurtmachilari hozirgacha aniqlanmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nemsov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqinlariga qarshi sanksiyalarni kengaytirishni faol qo‘llab-quvvatlay boshlaganidan keyin Federal xavfsizlik xizmati (FXX) bilan bog‘liq shaxslar tomonidan kuzatuvga olingan. Kuzatuv 21 fevral kuni, siyosatchi o‘ldirilishidan bir necha kun oldin to‘xtatilgan.

Kiritildi: 21:04 16.11.2026. O'qildi: 877 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik