Bugun 24 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Toshkentda maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi

Toshkentda maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi

Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik, ilmiy tadqiqot va pedagoglar malakasini oshirishga ixtisoslashgan mintaqaviy markaz tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 18 avgustdagi 446-son qarori bilan Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish belgilandi.

Markazning asosiy vazifalari maktabgacha ta’lim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tashkil etishdan iborat bo‘ladi.

Jumladan, markaz YUNESKOga a’zo mamlakatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va metodikalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishda ishtirok etadi. Shuningdek, bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga ko‘maklashadi.

Markazga yana 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim sohasidagi Toshkent deklarasiyasi ijrosini monitoring qilish va davriy hisobotlar tayyorlash vazifasi ham yuklatildi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim sohasida pedagog kadrlarni qayta tayyorlashning yangi usullarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Xalqaro trening, seminar va konferensiyalar tashkil etish ham markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, Toshkentda maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi avvalroq YUNESKO bilan hamkorlik doirasida ilgari surilgan edi. 2025 yil oktyabrida YUNESKO Ijroiya kengashining 222-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkent shahrida YUNESKO huzuridagi maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha II toifali mintaqaviy markaz tashkil etish taklifi ma’qullangan.

2026 yil mart oyida esa O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida Toshkentda YUNESKO homiyligida II toifali «Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi»ni tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangani xabar qilingan edi. Markaz Markaziy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi mazkur yo‘nalishdagi muhim mintaqaviy tashabbuslardan biri sifatida qayd etilgan.

Kiritildi: 18:10 19.08.2026. O'qildi: 591 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!