Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish korxonasi ma’muriy-xo‘jalik binosida gaz portladi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 5 dekabr kuni soat 07:46 da Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani, «Kim Pen Xva» MFY, Qutb Yulduzi ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi ma’muriy-xo‘jalik binosida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan.
Chaqnash oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev yetib bordi va uning rahbarligida vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda. Shuningdek, hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman hokimiyati, Prokuratura, IIB, SSB, «Hududgazta’minoti» rahbar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda FVVning yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyida amaliy harakatlarni olib bormoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.