Qozog‘iston Transport vazirligiga ko‘ra, Aqtauda halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyoti havodaligida “tashqi ob’ektlar” tomonidan shikastlangan.
Qozog‘iston Transport vazirligi Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining 25 dekabr kuni Aqtau yaqinida qulashi bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi. 53 sahifalik hujjatda halokatning dastlabki tergov natijalari keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, samolyotda muammolar mahalliy vaqt bilan soat 05:00 atrofida boshlangan. Dastlab noma’lum zarba sodir bo‘lgan, uning sababi hali aniq emas. Shundan so‘ng avtopilot tizimi o‘chganini bildiruvchi ovozli signal faollashgan. Keyin samolyotning bir nechta bort tizimlari qisman yoki butunlay ishdan chiqqan.
"Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, samolyotning fyuzelyaji, dum qismi, vertikal stabilizatori, gorizontal stabilizatori, balandlik hamda yo‘nalish rulida turli o‘lcham va shakldagi teshiklar va boshqa turdagi shikastlanishlar aniqlandi. Xuddi shunday zararlanishlar chap dvigatel va chap qanotda ham topilgan", — deyiladi hisobotda.
Hujjatda qayd etilishicha, samolyotda bu shikastlanishlar yerga qulashdan oldin paydo bo‘lgan, va ular “tashqi ob’ektlar” tomonidan yetkazilgan bo‘lishi mumkin. Aniqlik kiritish uchun qo‘shimcha ekspertiza o‘tkaziladi. Azerbaijan Airlines samolyoti halokatining rasmiy sabablari hali e’lon qilinmagan.
Euronews va Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, aviahalokatga Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi sabab bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin samolyot qulaganidan keyin tez orada Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali gaplashib, "Rossiya havo hududida yuz bergan fojiali hodisa" uchun uzr so‘ragan. Aliyev esa Rossiya samolyot halokati bo‘yicha o‘z aybini tan olishi kerakligini ta’kidlagan.