AQSh prezidenti Donald Tramp siyosatidan norozi bo‘lgan amaldorlar yangi ma’muriyatning farmoyish va qarorlarini e’tiborsiz qoldirib, ularga qarshilik ko‘rsatishga ahd qilishgan. Bu haqda Newsweek jurnali AQShning bir nechta federal idoralari xodimlariga asoslanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab davlat xizmatchilari hozirda qo‘rquv ichida yashamoqda, biroq Oq uyning ular noqonuniy deb hisoblagan har qanday ko‘rsatmalarini bajarmaslikka qaror qilishgan. Jurnal suhbatdoshlari o‘z idoralaridagi umumiy vaziyatni "ruhiy tushkunlik va tartibsizlik hukmron" deb ta’riflashmoqda.
Amaldorlarning tashvishi, bir tomondan, vazirliklardagi ommaviy ishdan bo‘shatishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan, ularning fikricha, yangi ma’muriyatning qonunchilikka zid bo‘lgan tashabbuslari, ayniqsa, turli ozchiliklar uchun davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamni bekor qilish bilan aloqadordir.
"Vahima va paranoyya darajasi haddan tashqari yuqori. Masalan, hamkasblarimning ko‘pchiligi hafta davomida [idoralar] saytlarini DEI (xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik) dasturlari haqidagi har qanday ma’lumotni izlab titkilab chiqishdi," - deb ta’kidladi AQSh Ichki ishlar vazirligining amaldorlaridan biri.
Newsweek nashrining qayd etishicha, o‘z lavozimlarida qolgan holda Tramp ko‘rsatmalarini sabotaj qilishga intilayotgan amaldorlar sonini aniqlash imkonsiz. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab davlat xizmatchilari Reddit internet platformasida yangi ma’muriyat harakatlariga "qarshilik" strategiyalarini muhokama qilmoqda. Nashr shuni ta’kidlaydiki, norozi amaldorlar allaqachon o‘zlarining birlashtiruvchi ramziy belgisini o‘ylab topishgan: yulduzli stepler tasviri va Trampga qaratilgan "Kel va ol" yozuvi, shuningdek, "Safni saqla. Iste’foga chiqma" shiori.