Kartoshka ko‘rinishida niqoblangan 72 kg narkotik modda fosh qilindi. Bu haqida «Xavfsizlik»Telegram-kanali xabar berdi.
Bildirilishicha, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Man» rusumli yuk avtotransport vositasi Afg‘onistondan «Termiz-avtomobil yo‘li» xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan.
Ushbu yuk avtomobili Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida avtomashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sinchkovlik bilan tekshirilganda esa, ularning orasiga xuddi kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat, jami 72 kg 300 gr «gashish» moddasi yashirilganligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Rossiya Federasiyasiga olib ketilayotgan bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.