Isroillik telekanal C14 tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, mamlakat Prezidenti Isxak Gersog Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga siyosiy bitim taklif qilgan. Ushbu rejaga muvofiq, Netanyaxu hukumat tepasida yana ikki yil rotasiya asosida rahbarlik qilishi, shundan so‘ng siyosatdan butunlay ketishi evaziga korrupsiya ishi bo‘yicha to‘liq avf etilishi ko‘zda tutilgan.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Gersog bu kabi variantni qariyb ikki yildan beri ilgari surib keladi. Nashr ushbu ehtimoliy bitimni prezidentning siyosiy kuchlarni muzokaralar boshlash va murosa izlashga qilgan chaqiriqlari bilan bog‘lamoqda.
Xabarda aytilishicha, Netanyaxu yaqin ikki yil ichida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan o‘zaro hamkorlik qilish maqsadida birinchi bo‘lib Bosh vazir lavozimini egallashni talab qilishi mumkin. Shu bilan birga, hukumatni shakllantirishning keyingi ssenariylari saylovlarning yakuniy natijalari va qo‘shimcha byulletenlar hisob-kitobiga bog‘liq bo‘ladi.
C14 boshqa muqobil variantlar sifatida muxolif siyosiy lagerdan deputatlarni jalb qilish, «Birlashgan ro‘yxat» qo‘llab-quvvatlovi bilan ozchilik hukumatini tuzish yoki qayta saylovlar o‘tkazishni tilga olgan.
Isroil Prezidenti kanselyariyasi ushbu nashr etilgan ma’lumotni keskin rad etib, uni «to‘liq uydirma» (fake news) deb atadi va bunday taklif umuman mavjud bo‘lmaganini bildirdi. Kanselyariya, shuningdek, hukumatni shakllantirishni topshirish prosedurasi bo‘yicha hozircha hech qanday muhokamalar olib borilmayotganini ta’kidladi. Saylovlarning rasmiy natijalari kelasi chorshanba kuni prezidentga taqdim etiladi, shundan so‘ng u parlament fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazib, o‘z vakolatlari doirasida qaror qabul qiladi.