AQShning Yuta shtatidagi Park-Siti shahrida 17 yoshli Melissa Enn Smitning o‘ldirilishi oradan roppa-rosa 52 yil o‘tib fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, jinoyatni 1970-yillarda AQShda qator qotilliklarni sodir etib, aholini dahshatga solgan mashhur manyak Ted Bandi amalga oshirgan. Endi uning jinoyatlari ro‘yxatiga yana bir qotillik qo‘shilmoqda.
1974 yil 27 oktyabr kuni ovchi Solt-Leyk okrugidagi o‘rmonzor hududdan Melissa Enn Smitning jasadini topgan. 2026 yil 27 oktyabr kuni esa tergovchilar Park-Sitida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishni tergov qilishda muhim natijaga erishilganini e’lon qilishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida ochilmagan holda qolgan jinoyatni fosh etishga DNK ekspertizasi yordam bergan.
«Sud-tibbiyot ekspertizasi har kuni rivojlanib bormoqda. Shu sababli biz bunday ishlarni qayta ko‘rib chiqishda davom etyapmiz. Ushbu ish dalillarni hatto o‘nlab yillar o‘tganidan keyin ham saqlash qanchalik muhimligini ko‘rsatadi», — dedi sherif Rozi Rivera.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir ochilmagan jinoyatning fosh etilishi ularni «Ted Bandi xotirasini o‘chirish» maqsadiga yaqinlashtiradi.
Ma’lumki, 1970-yillarda Bandi o‘nlab ayol va qizlarni zo‘rlagan hamda o‘ldirgan. U Florida shtati universitetidagi «Chi Omega» talabalar birlashmasi uyida ikki ayolni o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan. 1989 yilda elektr stulida qatl etilishidan oldin u turli shtatlarda sodir etgan 30 dan ortiq qotillikka iqror bo‘lgan. DNK tahlili usullarining rivojlanishi uning vafotidan o‘nlab yillar o‘tgach ham yangi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash imkonini bermoqda.
Tergovchilar 17 yoshli Melissa Enn Smitning o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Bandining boshqa qurboni bilan bog‘liq muhim dalillarni aniqlash orqali ochishga muvaffaq bo‘lishgan. Ularning ta’kidlashicha, har ikki holatda jinoyatchining harakatlarida hayratlanarli o‘xshashliklar kuzatilgan. Bu esa oxir-oqibat tergovda muhim burilish yasagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar halok bo‘lgan qizining yaqin qarindoshlari bilan bog‘lanishga harakat qilishgan, biroq ularning hech biri bu hududda yashamasligi ma’lum bo‘lgan. Melissaning ota-onasi esa allaqachon vafot etgan.