Isroilda parlament saylovlari bo‘yicha ovozlarni hisoblash yakunlandi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi siyosiy blok Knessetda mustaqil ko‘pchilikni shakllantirish uchun yetarli mandat to‘play olmadi.
The Times of Israel nashrining xabar berishicha, saylov natijalariga ko‘ra, Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlovchi partiyalar 120 o‘rinli parlamentda 53 ta mandatga ega bo‘ldi.
Muxolifatdagi partiyalar 48 ta, arab siyosiy kuchlari esa 19 ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi.
Alohida partiyalar natijalariga ko‘ra, Netanyaxu rahbarligidagi "Likud" 27 ta mandat bilan eng ko‘p o‘rinni egalladi. Gadi Ayzenkot boshchiligidagi "Yashar" partiyasi 21 ta, sobiq bosh vazir Naftali Bennetning "Beyaxad" siyosiy birlashmasi esa 12 ta o‘ringa ega bo‘ldi.
Isroilda parlament ko‘pchiligini shakllantirish uchun kamida 61 ta deputatlik mandati talab etiladi. Shu sababli Netanyaxu blokiga hukumat tuzish uchun qo‘shimcha siyosiy qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘ladi.
Saylov natijalari mamlakatda yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha partiyalararo muzokaralar muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatmoqda.