AQSh Mudofaa vazirligi NATOning ayrim a’zolariga Rossiya haqidagi ommaviy bayonotlarda ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qildi. Bu haqda Reuters to‘rt nafar manbasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pentagon vakillari so‘nggi haftalarda Litva, Latviya va Estoniya rasmiylari bilan muloqot o‘tkazib, Moskvaga nisbatan keskin ritorikani yumshatishni so‘ragan.
AQSh mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbridj Kolbi ham ushbu murojaatlarni yetkazgan amaldorlar qatorida bo‘lgan.
Vashingtonning fikricha, Rossiya tahdidi haqidagi ayrim keskin bayonotlar mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirib, Yevropa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu harakatlar Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi urushni muzokaralar orqali tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini faollashtirayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda.
Pentagon mazkur ma’lumotlarni rasman tasdiqlamadi. Vazirlik vakili ittifoqchilar o‘rtasidagi xususiy suhbatlar mazmunini izohlamasligini bildirdi.