12 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi mazkur bahsda tribunalar to‘liq to‘lishini kutmoqda.
O‘FA matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv «Paxtakor» stadionida tashkil etiladi. Chiptalar Iticket.uz platformasi orqali sotiladi, ularning narxi va sotuv boshlanadigan sana tez orada e’lon qilinadi.
Assosiasiya o‘yin uchun aynan ushbu arena tanlanganiga ham izoh berdi. «Paxtakor» stadioni yaqinda rekonstruksiya qilingan, «Bunyodkor»da esa maydon holatini yaxshilash ishlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, milliy jamoaning uy uchrashuvlari muxlislar uchun qulaylik yaratish maqsadida turli stadionlarda o‘tkazib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari shu paytgacha bir marta o‘zaro to‘qnash kelgan. To‘rt yil avval «Paxtakor» stadionida o‘tkazilgan ilk o‘yin 0:0 hisobida yakunlangan edi.