O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev vafot etdi.
U o‘zining kino va televideniyedagi rollari, rejissyorlik faoliyati hamda ko‘plab yosh ijodkorlarga bergan saboqlari bilan milliy san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Aktyor tomoshabinlarga rejissyor Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmidagi roli orqali tanilgan.
Shuningdek, ijodkor «Omad», «So‘nggi lahza», «Hijron», «Nazar», «Yigit yig‘lamasin», «Aldangan ko‘ngil», «Mehr» kabi ko‘plab badiiy filmlar hamda milliy teleseriallarda turli obrazlarni gavdalantirgan.
Abdumannon Ubaydullayev nafaqat aktyorlik, balki rejissyorlik va pedagogik faoliyati bilan ham milliy san’at sohasida o‘z o‘rniga ega edi.
U san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor sifatida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining «Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati» kafedrasida faoliyat yuritib, talaba yoshlarga ta’lim berib kelgan.