Keng qamrovli targ‘ibot ishlariga qaramasdan, bugun — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari kuni soat 14:00 ga qadar respublika bo‘ylab o‘quvchilarning transport vositasini boshqarishi bilan bog‘liq 238 ta holat aniqlandi.
Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ertalab soat 07:00 dan 14:00 gacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida o‘quvchilarning maktablarga avtomobil haydab kelgani bilan bog‘liq ko‘plab holatlar qayd etilgan.
Qoidabuzarlar orasida nafaqat yuqori sinf o‘quvchilari, balki 8–10-sinf o‘quvchilari ham bo‘lgan. Ayrim holatlarda o‘quvchilar o‘z ota-onasiga tegishli yoki ijaraga olingan avtomashinalarni boshqarib kelgani kuzatilgan.
Xorazm viloyatida esa bitiruv kechasiga avtomobil boshqarib kelgan qizlar ham aniqlangan.
Ayni paytda bayram tadbirlarini ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tkazish maqsadida minglab Yo‘l-patrul xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari maktablar atrofida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bormoqda.
Mas’ul idoralar barcha ota-onalar va mas’ul shaxslardan farzandlar hayoti va xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikni, voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.