Bugun 8 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Sud tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar

Sud tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yildagi 24 iyuldagi PF-6034-sonli farmonida 2021 yil boshidan sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qancha muhim tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish nazarda tutildi.

Bu bilan viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning ham salohiyati, ham mavqei oshiriladigan bo‘ldi. O‘z o‘rnida bu ilg‘or xorijiy amaliyotga moslashish yo‘lida bir qadam. Masalan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Belarus va boshqalarda o‘rta bo‘g‘in umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha yagona sud sifatida faoliyat yuritishini ko‘rish mumkin.

Yangi tashkil etiladigan umumyurisdiksiya sudlarida ishlaydigan sudyalar sonining oshirilishi sudda ishlarni sifatli va samarali ko‘rish mexanizmini vujudga keltiradi.

Ma’muriy sudlar faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini o‘z vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan bo‘lib, O‘z tabiatiga ko‘ra jinoyat ishlariga o‘xshagan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi ma’muriy sudlarda ish yuklamalarini sezilarli ravishda kamaytiradi.

Farmon bilan ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etilishi belgilandi.

Farmonda yana bir muhim masalaga o‘rin ajratilgan. Bu ham bo‘lsa, sudlarda jinoyat ishlarini ko‘rish chog‘ida ishni sud majlisida ko‘rishdan avval, inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqda.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitasiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish mumkin bo‘ladi. Prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan ishni o‘rganish uchun chaqirib olinadi. Prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi chegaralanadi. Joriy etilayotgan tartib, prokuratura va sud orasidagi huquqiy-prosessual munosabatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga hamda jinoyat prosessi ishtirokchilari vakolatlarining o‘zaro muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmonda xalqaro tajribaga tayangan holda ishni nazorat tartibida ko‘rish institutiga barham berish masalasi qo‘yilgan. Xususan, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassasiya tartibida takroran ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi. Bunday tartibning belgilanishi so‘zsiz sud ishlarining ochiqligi, adolatliligi va qonuniyligi uchun xizmat qiladi.

Yana bir muhim masala, sudyalar va sud xodimlarining moddiy ta’minoti 2021 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq Davlat byudjetiga o‘tkazilishi va ularning ish haqi oshirilishi belgilangan bo‘lib, bu albatta sudyalarning va sud xodimlarining mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Hozirgi paytda sudyalar va sud xodimlarining moddiy ta’minoti byudjetdan tashqari Sud hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi va byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Amaldagi tartib sudyalar tomonidan ishlarni mustaqil va xolis ko‘rib chiqilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, xalqaro standartlarga ham javob bermaydi.

Farmonda sudyalar va sudyalikka da’vogarlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hay’atining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish nazarda tutilgan. Qonunchilikda bunday normaning bo‘lishi sud kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yishda adolatlilik va shaffoflik prinsiplarini ta’minlaydi.

Sud tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan yana bir qator masalalar jumlasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasining, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmalarida matbuot xizmatlarining tashkil etilishi odil sudlov faoliyatining ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur farmon bilan kiritilayotgan yangi tartib sud tizimidagi muammo va kamchiliklarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, tomonlarga sudda teng imkoniyatlar darajasida ishtirok etish vakolatini ta’minlashga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishiga erishishga, shuningdek, sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, ochiqlik va shaffoflikka xizmat qiladi.

Dilobar Ergasheva,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi

Kiritildi: 14:47 29.07.2020. O'qildi: 6466 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!