The New York Times gazetasi Eron janubidagi Sirik tumanida to‘y marosimiga berilgan zarbada qo‘llangan bombalar AQShda ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.
Gazeta xabar berishicha, u Sirik tumanidagi Kuhestak shaharchasining aholi yashash hududiga qilingan hujum tasvirlarini tahlil qilgan. Qurol-yarog‘ bo‘yicha mutaxassisning xulosasiga ko‘ra, hodisa joyidan topilgan o‘q-dori qoldiqlari AQSh harbiylari tomonidan qo‘llanadigan boshqariladigan bombalarga tegishli.
The New York Times hujum oqibatida qolgan o‘q-dori parchalari aks etgan videolarni AQSh armiyasida sobiq portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassis va qurol-yarog‘ tahlilchisi Trevor Bollga taqdim etgan.
Boll aniqlangan parchalar AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tomonidan ishlatiladigan boshqariladigan bomba qismlariga mos kelishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur qismlar Eron qurolli kuchlari tomonidan qo‘llanadigan o‘q-dorilarga xos emas.
Shu bilan birga, CENTCOM vakili Tim Hokins avvalroq AQSh harbiylari tinch aholiga hech qachon ataylab hujum qilmasligini bildirgan edi.
Gazeta, shuningdek, CENTCOM tomonidan seshanba kuni tarqatilgan videoda AQSh qiruvchi samolyoti qanoti ostiga o‘rnatilgan JSOW turidagi bomba tasvirlanganini qayd etdi. Video Erondagi nishonlarga berilgan zarbalar haqidagi bayonot bilan bir vaqtda e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirik tumanidagi Kuhestak shahrida aholi yashaydigan hudud va to‘y marosimi o‘tkazilayotgan joyga berilgan zarba oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar va jarohatlanganlar bor.