Xorazm viloyatining Shovot tumanida davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 447 million so‘mlik soliq qarzi yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borildi.
Ma’lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosining Shovot tumani bo‘limi ish yurituvida soliq organlari qarorlari asosida qarzdor «O.K.J.» fermer xo‘jaligidan davlat foydasiga 447 million so‘m soliq qarzdorligini undirish haqidagi 40 ta ijro hujjati mavjud bo‘lgan.
Ijro hujjatlari «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasi talablariga muvofiq ish yurituviga qabul qilinib, ijro ishlari qo‘zg‘atilgan hamda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Davlat ijrochisi Q. Bayjanov hamda Byuroning Qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida qarzdor fermer xo‘jaligiga tegishli BYD Song Plus rusumli avtomobil aniqlanib, xatlandi va jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan tartibda undirish bo‘yicha ijro harakatlari davom ettirilmoqda.