Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Toshkent tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Oldindan tezkor kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtotransport vositasi «Navoiy» chegara bojxona posti yaqinida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida avtotransport vositasida olib kelinayotgan turli xil shirinliklar ichiga yashirilgan jami 613 dona «Lips Nicotine Pouches» nomli tamaki mahsulotlari fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan tamaki mahsulotlarining qiymati 65 million so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Raqamlarga ko‘ra, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 304 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, natijada umumiy qiymati 2 milliard 900 million so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.