Bugun 18 mart, 2026 yil, chorshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Yoshlar kreativ shaharchasiga tashrif buyurdi​​​​​​​

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Yoshlar kreativ shaharchasiga tashrif buyurdi​​​​​​​

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Samarqandga keldi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishishdan boshladi.

Bugungi kunda shahar kengayib, yirik megapolisga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda bu yerda yangi aholi turar joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari tashkil etildi, aholi soni ancha oshdi. Tabiiyki, bunday sharoitda shaharda yashil maydonlarni ko‘paytirish, yangi bog‘ va xiyobonlar, aholi dam olish maskanlari yaratishga ehtiyoj oshadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 million tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda ham 6,3 million tup mevali va manzarali daraxt, buta ko‘chatlari o‘tqazish rejalashtirilib, ayni paytda viloyatning barcha hududlarida bu jarayon davom etmoqda.

O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy gospital o‘rnidagi 5,4 gektar maydonda ham 70 milliard so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari hisobidan Yoshlar kreativ parki tashkil etildi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Yoshlar kreativ shaharchasiga tashrif buyurdi​​​​​​​

Bu yerda madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga olingan 5 ta bino va inshoot bo‘lib, endilikda ulardan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari markazlari sifatida foydalaniladi. Axborot-resurs markazi, sport zallari, yer osti ekomuzeyi tashkil etildi.

Yoshlar kreativ parki, ayniqsa, yigit-qizlar uchun nafaqat dam olish maskani, balki axborot texnologiyalari sohasi va sport bilan shug‘ullanish, startap loyihalarni amalga oshirish uchun qulay joy bo‘ladi.

Viloyat shaxmat federasiyasi ham yangi bog‘da joylashgan. Federasiya tomonidan bu yerda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalar o‘tkazish imkoniyati mavjud.

Bog‘da bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Hududda Nuroniylar maskani, o‘ndan ortiq ayvonchalar qurilgan.

Prezidentimiz dastlab «Profi deutsch» nemis tilini o‘qitish va imtihon markazi faoliyati bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Yoshlar kreativ shaharchasiga tashrif buyurdi​​​​​​​

Ushbu loyihaning muhim jihati «Telc» imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ish boshlayapti. Markazda yoshlar nemis tilini o‘rganib, xalqaro «Telc» sertifikatini oladi. Sertifikat sohiblari Germaniyada dual kasbiy ta’limda o‘qishini davom ettiradi, bandligi ta’minlanadi. Joriy yilda bunday imtihon markazini mamlakatimizning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Loyiha doirasida 8-11 sinf o‘quvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.

Shuningdek, «Aloqa bank» va Milliy bank konsultativ markazining tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlari, Yoshlar ishlari ishlari agentligining «Ibrat farzandlari», «Mutolaa», «Qizlar akademiyasi» loyihalari bilan tanishildi.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning loyihalari bilan tanishdi. Jumladan, «Zamin» xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan «Eco-schools Uzbekistan» loyihasida ishtirok etayotgan yosh ekofaollar 2026 yil uchun rejalari haqida so‘zlab berdilar.

– Yangi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarni barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga – bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har daqiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, do‘stingiz kitob bo‘lsin. Biror bilimni chuqur egallash va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz so‘nmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz g‘oyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman, – dedi Prezidentimiz.

Samarqand shahrida bunday zamonaviy ta’lim va dam olish maskanlarini ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.

Kiritildi: Bugun 13:55. O'qildi: 490 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!