Litva Bosh vaziri Mindaugas Sinkyavichyus Germaniyaga tashrifi chog‘ida Die Welt nashriga bergan intervyusida Rossiya–Ukraina urushi, NATO xavfsizligi va Yevropaning Ukrainaga yordami haqida fikr bildirdi.
Sinkyavichyusning ta’kidlashicha, Yevropa Rossiya bilan bog‘liq xavflarni kutib o‘tirmasdan, mudofaa salohiyatini bosqichma-bosqich kuchaytirishi kerak. U Litva mudofaa va armiyaga katta mablag‘ ajratayotganini, shuningdek, havo hududi xavfsizligiga investisiyalarni oshirayotganini aytdi.
Litva hukumati rahbari Rossiyaning NATOni «sinab ko‘rish» ehtimoli borligini ta’kidlab, Vladimir Putin hokimiyati yemirilayotganini, biroq bu holatni zaiflik sifatida qabul qilmaslik kerakligini bildirdi. Uning fikricha, Rossiya iqtisodiyoti urush ehtiyojlariga moslashtirilgan va shu sababli Yevropa davlatlari NATO hamda Yevropa Ittifoqi doirasida birdamlikni saqlashi zarur.
Ukrainadagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Sinkyavichyus qish mavsumi og‘ir kechishi mumkinligini aytdi. U Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalar berilayotganini ta’kidlab, Litva Ukrainaga transformatorlar va boshqa zarur uskunalar yetkazib berishda davom etishini bildirdi.
Sinkyavichyus Germaniya kansleri Fridrix Mersning Ukrainaga yordam berishdagi rolini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Yevropada xavfsizlik masalalari bo‘yicha faolroq pozisiya egallamoqda.
Litva bosh vaziri Yevropada Ukraina urushiga nisbatan «charchoq» paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Ukrainadagi mojaroning oqibatlari Yevropa xavfsizligiga ham ta’sir qilishi mumkin va shu sababli Yevropa davlatlari Ukrainaga siyosiy, iqtisodiy hamda moliyaviy ko‘makni davom ettirishi zarur.