Bugun 6 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Yoqilg‘i narxining o‘sishiga endi asosiy sabab Hurmuz bo‘g‘ozi emas...

Yoqilg‘i narxining o‘sishiga endi asosiy sabab Hurmuz bo‘g‘ozi emas...

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda benzin narxining oshishini Ukraina tomonidan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilayotgan zarbalar bilan bog‘ladi.

Trampning ta’kidlashicha, AQShda yoqilg‘i narxining o‘sishiga endi asosiy sabab Hurmuz bo‘g‘ozi emas. Uning fikricha, ushbu hudud orqali neft yetkazib berish hajmlari yuqori darajada saqlanib qolayotgan bir paytda, Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlar bozorga ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Benzin narxining oshishiga endi Hurmuz bo‘g‘ozi sabab emas. Deyarli har kuni rekord miqdorda neft olib chiqilmoqda. Sabab — Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari Ukraina tomonidan hujumga uchrayotgani», — deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

U, shuningdek, AQShning ayrim shtatlarida neftni qayta ishlash zavodlarining faoliyati to‘xtatilishi ichki bozordagi yoqilg‘i ta’minotiga ta’sir qilayotganini bildirdi.

AQSh energetika vaziri Kris Rayt avvalroq mamlakatda dizel yoqilg‘isi tanqisligi saqlanib qolayotganini aytgan. U tanqislikni, jumladan, Rossiyadan eksport hajmlarining qisqarishi, shuningdek, Yaqin Sharq va Xitoydan yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘lagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda dizel yoqilg‘isining o‘rtacha narxi 6,43 dollargacha pasaygan. Bir hafta avval esa ko‘rsatkich tarixiy maksimum — galloniga 6,52 dollarga yetgan edi.

Avvalroq Politico nashri Tramp ma’muriyati ichki bozorda energiya narxlarini pasaytirish maqsadida dizel yoqilg‘isi eksportiga 90 kunlik taqiq joriy etish rejasini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan.

Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatning keskinlashishi ham jahon energetika bozoriga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mazkur dengiz yo‘li neft, neft mahsulotlari va suyultirilgan tabiiy gazni jahon bozoriga yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega.

Kiritildi: Bugun 08:18. O'qildi: 530 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!