Kiyevda havo hujumi xavfi e’lon qilingan bir paytda jurnalistlar oldida so‘zlagan Mers Putinga qarata: «Janob Putin, bu bema’ni urushni to‘xtating!» — dedi.
U Germaniya muzokaralarga tayyor ekanini, biroq Ukraina aholisiga qarshi hujumlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidladi.
Mers Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan birga yaqinda zarba berilgan Ukraina Fanlar akademiyasi binosini ko‘zdan kechirgan. Tashrif davomida Kiyevda ko‘prik va boshqa ob’ektlarga ham zarbalar berilgani xabar qilindi.
Germaniya kansleri Ukrainaga Berlin tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ham ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agar Rossiya to‘xtatilmasa, mojaro xavfi Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Germaniya hukumati Ukrainaga qiymati 1 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan yangi harbiy yordam paketini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Paket tarkibiga uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar, jangovor dronlar va aloqa vositalari kirishi kutilmoqda.
Shuningdek, Germaniya yaqin orada Rossiyaning «Geran-4» va «Geran-5» turidagi reaktiv dronlariga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi dron-tutqichlarni seriyali ishlab chiqarishni boshlashi rejalashtirilgan.