Gruziyaning Marneuli shahrida 13 yoshli Ozarbayjon fuqarosi egizak farzandli bo‘lgan. Buning ortidan mamlakat Ichki ishlar vazirligi tergov boshlagan. Voqea haqida dastlab huquq faoli Samira Bayramova xabar bergan. Uning aytishicha, chaqaloqlardan biri kecha, 1 oktyabr kuni tunda vafot etgan, ikkinchi chaqaloqning ahvoli esa og‘ir ekani aytilgan.
Klinika hodisa yuzasidan zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini bildirgan. Bayramovaning ma’lumotiga ko‘ra, qiz Ozarbayjon fuqarosi, unga uylangan erkak esa Gruziya fuqarosi bo‘lgan.
Faolning ta’kidlashicha, erkak qizdan ancha katta. Hodisa Gruziya Jinoyat kodeksining 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 140-moddasi 1-qismi bo‘yicha tergov qilinmoqda.