Jizzaxda erkak voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda erkak 10 yashar qizni 2 oy davomida zo‘rlab kelgani, jinoyati fosh bo‘lgach, o‘z joniga qasd qilgani, 4 oktyabrda o‘z xonadonidan o‘lik holda topilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida jabrlanuvchining yaqin qarindoshi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan. Gumon qilinuvchi A.R. prosessual harakatlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
Ayni vaqtda holatning barcha tafsilotlari, jumladan, voyaga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan harakatlarning davri, xususiyati va boshqa holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.
5 oktyabr kuni voyaga yetmagan B.D.ga Jizzax shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilib, bola birlamchi baholashdan o‘tkazildi va unga psixologik xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan.
Hozirgi vaqtda voyaga yetmagan bola xavfsiz joyda bo‘lib, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza natijalari kutilmoqda. Ekspertiza xulosasi olinganidan so‘ng, uning natijalaridan kelib chiqib, qo‘shimcha choralar belgilanadi.
Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov quyidagilarni ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, joriy yilning 2 oktyabr kuni jabrlanuvchi bolaning (2016 yilda tug‘ilgan) onasining arizasiga asosan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Joriy yilning 3 oktyabr kuni sud ajrimiga asosan ayblanuvchi R.A. ga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ayblanuvchi R.A. ning murdasi 4 oktyabr kuni o‘zi yashagan xonadonda arqonga osilgan holda topilgan.