Bugun 28 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Sarmishsoy — ming yillik tarixni bag‘rida asragan maskan

Sarmishsoy — ming yillik tarixni bag‘rida asragan maskan

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida joylashgan Sarmishsoy darasi o‘zining betakror tabiati va qadimiy qoyatosh suratlari bilan barchani hayratga soladi. Bu maskan nafaqat yurtimizning, balki insoniyatning boy tarixiy va madaniy merosini o‘zida mujassam etgan noyob hududlardan biridir.

Sarmishsoy qoyalarida bundan 10 ming yil avvalgi davrlarga borib taqaladigan petrogliflar — qadimiy tasvirlar saqlanib qolgan. Bugungi kunga qadar bu yerda 5 mingdan ortiq qoyatosh tasvirlari aniqlangan bo‘lib, ular qadimgi insonlarning turmush tarzi, ovchilik faoliyati, mehnati va atrof-muhit haqidagi tasavvurlaridan hikoya qiladi.

Ayniqsa, qadimda ushbu hududda yashagan hayvonlar tasvirlari alohida ahamiyatga ega. Qoyalarda yovvoyi bukalar, bizonlar, otlar, tog‘ echkilari, arxarlar, tuyalar, shuningdek, sher, qoplon va gepard kabi hayvonlarning suratlarini uchratish mumkin. Ularning ayrimlari bugungi kunda bu hudud tabiatida uchramaydi. Shu bois ushbu tasvirlar o‘tmishdagi tabiat manzarasini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.

Qadimiy tosh va metall qurollar yordamida yaratilgan suratlar asrlar davomida o‘z qadrini yo‘qotmay, bugungi kungacha yetib kelgan. Qoyalar orasida uchraydigan arab tilidagi yozuvlar esa bu maskanning keyingi tarixiy davrlardagi hayoti haqida ham ma’lumot beradi.

Bugungi kunda Sarmishsoy tabiiy-arxeologik muzey-qo‘riqxona sifatida muhofaza qilinadi. Hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, 32 gektar maydonda turizm markazini tashkil etish, master-reja ishlab chiqish va bebaho madaniy merosni asrash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Sarmishsoy — bu oddiy dara emas. Bu toshlarga muhrlangan tarix, ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros va xalqimizning qadimiy o‘tmishidan so‘zlovchi noyob maskandir. Uni asrash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning vazifamizdir.

📍 Manzil: Navoiy viloyati, Navbahor tumani, Sarmishsoy darasi.

Kiritildi: Bugun 11:41. O'qildi: 292 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!