Leonardo da Vinchiga tegishli deya taxmin qilinadigan «Dunyoni qutqaruvchi» (Salvator Mundi) asarini boshqa kishi chizgan bo‘lishi mumkin — Braziliyaning Luminari sun’iy intellekt tizimi shunday xulosaga keldi. Tahlillarga ko‘ra, asarni 81 foiz ehtimollik bilan Leonardoning o‘zi emas, balki shogirdi Jovanni Antonio Boltraffio chizgan.
2017 yilda ushbu rasm Christie's auksionida rekord darajadagi 450,3 million dollarga sotilgan edi. Xaridor Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ekani aytiladi. O‘shandan beri asar jamoatchilikka namoyish etilmadi.
Tahlil natijalarini Martin Cid portali e’lon qildi. Biroq sun’iy intellekt bu xulosaga qanday usul yordamida kelgani noma’lum. Ekspertlar ushbu bahoni isbot deb hisoblamaslikka chaqirmoqda.
Sun’iy intellekt sohasidagi tadbirkor Volfgang Royter nashrga 81 foizli ehtimollik faqat bilvosita belgi ekanini aytdi. San’atshunos va Leonardo bo‘yicha mutaxassis Frank Syollner sun’iy intellekt yordamidagi jiddiy tahlil foydali bo‘lishi mumkinligini, biroq mualliflik bo‘yicha barcha bahslarga butunlay nuqta qo‘yishga qodir emasligini ta’kidladi.
Asarning tarixi sir-asrorlarga to‘la. 2005 yilda jiddiy shikastlangan asar Nyu-Yorkdagi mintaqaviy auksionda atigi 1175 dollarga sotib olingan edi. Restavrasiyadan so‘ng u Leonardo da Vinchiga nisbat berilgan, biroq mutaxassislarning bir qismi surat uining ustaxonasida yoki asosan shogirdlari kuchi bilan yaratilgan deb hisoblaydi.