Senator Flaviu Bolsonaru prezidentlik saylovidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Braziliyadan AQShga jo‘nadi, deb xabar berdi Reuters agentligiga uning safdoshi.
Bolsonaru oilasiga yaqin manbalarning CNN Brasil’ga ma’lum qilishicha, u rafiqasi va ikki qizi bilan AQShga ketgan.
Bolsonaruning jo‘nab ketishiga Oliy sud sudyasi Aleksandr de Morayesh uning pasportlarini olib qo‘yishni buyurganidan keyin yuzaga kelgan «hibsga olinish qo‘rquvi» sabab bo‘lgan, deb yozdi CNN Brasil.
Avvalroq Argentinaning Infobae nashri Bolsonaru mamlakatdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Nashrning taxminiga ko‘ra, senator chegarani ichki shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma bilan kesib o‘tib, so‘ngra Argentinaning Puerto-Iguasu shahridan Baires Fly kompaniyasining Gulfstream G400 xususiy samolyotida AQShga uchib ketgan bo‘lishi mumkin.
Ushbu xabarlardan so‘ng Braziliya federal polisiyasi chegara punktlari va aviareyslarni tekshira boshladi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, senator rasmiy migrasiya nazorati punktlaridan o‘tmagan. Tergovchilar chegarani bunday punktlardan chetlab o‘tish ehtimolini o‘rganib, kamera yozuvlari va chegaraoldi hududdagi harakatlanishlar haqidagi ma’lumotlarni tekshirdi. Shuningdek, Braziliya Adliya vazirligi va federal polisiyasi Argentina rasmiylariga murojaat qilib, senator mamlakatdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi Gazeta do Povo.