O‘zbekistonda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, hozircha xavotirlanish uchun asos yo‘q. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Izoh Rossiyaning Irkusk shahrida o‘lat kasalligiga gumon qilingan holat qayd etilgani haqida xabarlar tarqalganidan keyin berildi.
Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘lat va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi hamda mamlakat bo‘ylab tarqalishining oldini olishga qaratilgan tizim mavjud.
"Mamlakatimizda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q", dedi u.
Hozirda davlat chegaralarini kesib o‘tish nuqtalari — xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari va avtomobil yo‘llarida jami 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda.
Ushbu punktlar orqali xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarning salomatligi doimiy tibbiy kuzatuvdan o‘tkaziladi.
Sanepidqo‘m vakili hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan maxsus laboratoriyalar ham faoliyat ko‘rsatayotganini bildirdi.
Uning qayd etishicha, mazkur laboratoriyalar zarur diagnostika vositalari, ozuqa muhitlari, reagent va reaktivlar bilan to‘liq ta’minlangan.