Krishtianu milliy terma jamoadagi faoliyatini tugatish fikridan voz kechdi (Fabrisio Romano).
Ronaldu noyabr oyidagi xalqaro tanaffusda yana terma jamoaga yordam berishi mumkin.
Krishtianu Ronalduning bayonoti to‘liq va batafsil:
«Murabbiy menga bergan so‘zining ustidan chiqmadi.
Uchrashuv yakunida men faqatgina hammasi g‘alaba bilan tugashini va yolg‘iz qolishni xohlagandim. Muxlislar bilan so‘rashgani bormadim. Bu faqat mening javobgarligimdagi xato va bunday bo‘lmasligi kerak edi. U yerda bizni astoydil qo‘llab-quvvatlagan portugaliyaliklardan, muxlislardan va portugaliyalik bo‘lmasa-da, meni ko‘rish uchun uzoqdan kelgan va men hafsalasini pir qilgan bo‘lishim mumkin bo‘lgan barcha insonlardan uzr so‘rayman.
48 soat o‘tgach, men, murabbiy va Simau Koutinyo o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi (Simau avgust oyidan beri suhbatlarimizda ishtirok etib kelayotgandi). Bu hech qanday filtrlarsiz, juda ochiq va samimiy lahza edi.
Biz bu "ish"ni yopishning faqat bitta yo‘li borligiga kelishdik: murabbiy xoli joyda, Simau Koutinyo guvohligida menga aytgan gaplarini matbuot anjumanida ham takrorlashi kerak edi.
Kelishuv oddiy edi: murabbiy anjumanni shu mavzu bilan boshlab, haqiqatni aytish orqali masalaga nuqta qo‘yardi. U men hech qachon maydonga tushishni so‘ramaganimni, ushbu yig‘in rejasini faqat murabbiyning o‘zi (boshqa hech kim emas) taklif qilganini, meni chigal yozdirishga chiqarib, keyin maydonga tushirmasligi xato bo‘lganini va agar bu holat yana takrorlansa, unday qilmasligini aytishi kerak edi. Suhbat yakunida murabbiy mendan uni quchoqlashimni so‘rab, hozirgina menga aytganlarini anjumanda ham takrorlashga va’da berdi va masala hal bo‘ldi deb kelishdik. Men Daniyaga qarshi o‘ynamasdim va «Dragau»dagi o‘yinda maydonga tushardim. Bularning barchasi doim Simau Koutinyo guvohligida kechdi.
Keyin murabbiyning iltimosiga ko‘ra, u, Simau Koutinyo va Tyago Kraveyru o‘rtasida videoaloqa orqali muhokamamiz sarhisob qilingan uchrashuv bo‘ldi.
Men o‘zim tasdiqlagan qisqa hujjat tayyorlandi va mening xabarim bilan, murabbiyning o‘zi so‘raganidek, unga topshirildi. Anjumanda nima bo‘lgani esa hammaga ma’lum: uning pozisiyasi bizning uchrashuvimizga umuman aloqador emasdi. Men o‘zim loyiq ko‘rmagan iboralar va agressiyani eshitdim, u bir kun oldin xoli joyda menga zarracha ham ko‘rsatmagan "men xohlayman, men qila olaman va men buyuraman" qabilidagi munosabatni ko‘rdim.
Men tasdiqlagan va murabbiy o‘qib eshittirishi kerak bo‘lgan qaydlar quyidagicha edi:
"Daniya haqida gapirishdan oldin ba’zi narsalarga oydinlik kiritib olish muhim, chunki bu haqiqat:
1. Bu sport mavsumi uchun Krishtianuga terma jamoadagi rejani boshqa hech kim emas, aynan o‘zim taklif qilganman. Bu uzoq va juda yaxshi suhbat edi.
2. Uning terma jamoa bilan qanchalik yashashini va uni qanchalik sevishini, dunyodagi o‘rnini, qolaversa, ketma-ket 24 yil davomida terma jamoaga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri va salmog‘ini yaxshi bilaman.
3. Men Krishtianuga taklif qilgan reja qabul qilindi.
4. U hech qachon mening qarorlarimni shubha ostiga olmagan. U o‘rnak bo‘ladigan darajada, sodiq va professional edi.
5. Norvegiyaga qarshi o‘yin unga tuzilgan rejaning bir qismi emasdi. Biroq u birinchi o‘yindan so‘ng jismoniy tiklanishga ulgurganini his qildim va undan foydalanishim mumkinligi haqida ogohlantirdim. Krishtianu rozi bo‘ldi.
6. Pele yoki Maradona darajasidagi odamni chigal yozdirishga chiqarib, so‘ng o‘yinga tushirmaslik bilan xato qildim. Agar bugun shunday bo‘lganida bunday qilmagan bo‘lardim.
7. Mavzuni yopish uchun: men Krishtianuning Milliy terma jamoada bo‘lishini xohlayman. Aslida biroz emas, judayam ko‘p xohlayman. Yaxshiyamki, u ham menga ishonadi. U "An-Nasr"da ishongandi va bu yerda ham ishonadi.
8. Muxlislar bilan xayrlashmagani haqida. Bu haqda biz gaplashib bo‘ldik. Terma jamoa safida 230 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan insonga Portugaliyaga bo‘lgan muhabbat haqida dars o‘tmayman. Bu hech narsani o‘chirib yubormaydigan umidsizlik lahzasi edi. U eng ko‘p dastxat beradigan, eng ko‘p selfiga tushadigan va muxlislarga eng ko‘p mehr ko‘rsatadigan futbolchidir. Yo‘q joydan muammo yaratmaylik. Biz xursand bo‘lmasak, reaksiya bildiramiz. Butun gap shunda."
Shunday qilib, bu qaydlarning hech birida murabbiy mendan hatto uzr so‘rashi kerakligi ham aytilmagan edi.
Bu uning menga bergan so‘zini ikkinchi bor buzishi edi».