Germaniya kansleri Fridrix Mersning 4 oktyabr kuni Kiyevga qilgan tashrifi nemis ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilindi. Ayrim nashrlar kanslerning Ukrainaga nisbatan qat’iy pozisiyasini ijobiy baholagan bo‘lsa, boshqalari Germaniyadagi ichki siyosiy vaziyat murakkablashayotganiga e’tibor qaratdi.
Süddeutsche Zeitung nashri Mers hukumati koalisiyasining kelajagi noaniq bo‘lib borayotganini ta’kidlab, kanslerning xalqaro maydondagi faolligi ichki siyosiy muammolarni soya ostida qoldirishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Nashrga ko‘ra, Germaniya hukumatining muvaffaqiyatsizligi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Rheinische Post esa Mers Germaniya ichida kuchli siyosiy bosim ostida qolayotganini qayd etdi. Nashrda kanslerning Ukrainaga ko‘rsatilayotgan ko‘p milliard yevrolik yordam siyosati mamlakat ichida tobora ko‘proq tanqid qilinayotgani aytildi.
Frankfurter Allgemeine Zeitung esa Rossiya-Ukraina urushi fonida Yevropaning xavfsizligi masalasiga urg‘u berib, Ukrainaga yordamni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Shu tariqa, nemis OAV Mersning Ukraina siyosati nafaqat tashqi siyosat, balki Germaniyadagi ichki siyosiy barqarorlik uchun ham muhim masalaga aylanganini qayd etmoqda.