Hukumat har bir xorijlikning joylashuvini elektron profil orqali nazorat qilishni rejalashtirmoqda.
Rossiyaga uzoq muddatga yoki mehnat faoliyati uchun keladigan har bir xorijlik fuqaro elektron profil o‘rnatilgan maxsus mobil telefon sotib olishi shart bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vazirining davlat kotibi — o‘rinbosari Igor Zubov ma’lum qildi.
«Ushbu telefonda uning elektron profili bo‘ladi. Biz har bir migrantning qayerda joylashganini bilib turamiz», — dedi Zubov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat organlari xorijlik fuqarolarning yashash joyini o‘zgartirganini ham nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2025 yil sentyabridan boshlab Moskva va Moskva viloyatida «Amina» ilovasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Mazkur dastur vizasiz tartibda kelgan voyaga yetgan migrantlarning geolokasiya ma’lumotlarini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga uzatadi.