Rossiya armiyasining Ukrainadagi haqiqiy yutuqlari Kreml bayonotlaridan besh barobar kamroq – ISW.
Agar Rossiya prezidenti yil boshidan buyon armiya 3 ming kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 133 ta aholi punktini egallaganini da’vo qilgan bo‘lsa, Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya nazoratiga atigi 622 kvadrat kilometr hudud va 64 ta aholi punkti o‘tgan.
Institutning ta’kidlashicha, o‘xshash tafovutlar Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov tomonidan e’lon qilingan iyun oyi statistikasiga ham tegishli. U 636 kvadrat kilometr hududda oldinga siljish va 29 ta aholi punkti egallangani haqida xabar bergan edi.
ISW esa amaldagi oldinga siljishni taxminan 30 kvadrat kilometr va 20 ta aholi punkti (shu jumladan, Rossiya bo‘linmalari vaqtinchalik kira olgan hududlar) deb baholaydi.
Ekspertlarning fikricha, bunday bayonotlar Kreml axborot kampaniyasining bir qismi bo‘lib, u Rossiya g‘alabasining muqarrarligi va Ukraina mudofaasi zaiflashgani haqida taassurot uyg‘otishga qaratilgan.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya armiyasining yangi yutuqlari haqidagi xabarlarni faol tarqatish xalqaro auditoriyaga, jumladan, Moskvaning Vashington bilan aloqalari arafasida ta’sir o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.
ISW, shuningdek, iyun oyida Rossiya qo‘shinlari egallagan yoki oldinga siljigan har bir kvadrat kilometr hudud uchun o‘rtacha 1298 nafar harbiy xizmatchini yo‘qotganini hisoblab chiqdi. Institut bahosiga ko‘ra, bu hujumkor operasiyalarning qimmatga tushayotganidan va ularning samaradorligi cheklanganligidan dalolat beradi.
Tahlilchilar Kremlning Rossiya qo‘shinlari oldinga siljiyotgani haqidagi bayonotlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotidan sal oldin yangraganiga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, Vashington Ukrainaga harbiy va razvedka ko‘magini berishda davom etmoqda, AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens esa Rossiyaning keyingi hujumlar uchun salohiyati asta-sekin tugab borayotgani va har bir yangi oldinga siljishning bahosi g‘oyat yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi.