Portugaliya terma jamoasi va “An-Nassr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu turmushdan ajrashgan taqdirda Jorjina Rodrigesga umrbod oyiga 100 ming yevrodan to‘lab boradi. Bu juftlik o‘rtasida tuzilgan nikoh shartnomasida ko‘zda tutilgan. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, munosabatlar tugagan taqdirda Jorjina Madridning nufuzli La-Finka turar-joy majmuasida joylashgan, bozor qiymati bir necha million yevroga baholanadigan hashamatli saroyga ham ega bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, Ronaldu va Jorjinaning asosiy maqsadi ajrashish yuz bergan taqdirda farzandlarining farovonligini ta’minlashdan iborat. Ular nikoh shartnomasini tuzish orqali bolalarning ruhiy holatiga ta’sir qilishi va shaxsiy hayot daxlsizligini buzishi mumkin bo‘lgan uzoq davom etuvchi huquqiy nizolarning oldini olishni istagan.
Jorjina ushbu kelishuvda nafaqat manfaatdor tomon, balki oilaviy hayotga beqiyos hissa qo‘shayotgan hamkor sifatida ham qayd etilgan.
Ushbu hujjat 2017 yilda, Jorjina ularning katta qizi Alana Martinaga homilador bo‘lgan vaqtda imzolangan. Hujjatni tayyorlash uchun Ronalduning sobiq agenti Xorxe Mendesh mas’ul bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldu va Rodriges 11 avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida turmush qurdi. Ronaldu va Rodriges 2016 yilda Madridda tanishgan. O‘shanda Jorjina Gucci do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlagan. Bugungi kunga kelib juftlikning Alana Martina va Bella Esmeralda ismli ikki qizi bor. Umuman olganda, ular besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yana uch nafar farzand — kichik Krishtianu hamda egizaklar Mateo va Yeva surrogat onalardan dunyoga kelgan.