Bugun 31 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Rajab Toyyib Erdog‘an: "Turkiy dunyo asri: yakdillikdan birlashish sari"

Rajab Toyyib Erdog‘an: "Turkiy dunyo asri: yakdillikdan birlashish sari"

"Turkiy dunyoning birligi — umumiy tariximiz orqali bizgacha yetib kelgan teran ildizli meros hamda mushtarak kelajagimizni birgalikda bunyod etishga bo‘lgan qat’iy irodamizning eng yorqin ifodasidir. Asrlar davomida turli mintaqalarda ne-ne sinovlarni boshidan kechirgan qardosh xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab kelgan ko‘ngil ko‘priklari bugun Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi siyosiy, insoniy, iqtisodiy va madaniy hamjihatligimizning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda. Turkiy dunyoning ulkan salohiyatini umumiy maqsadlar yo‘lida safarbar etish, birligimizni aniq yutuqlar bilan mustahkamlash va kelgusi avlodlarga yanada qudratli turkiy dunyoni meros qoldirish — barchamizning tarixiy mas’uliyatimizdir.

Anqarada «Turkiy dunyo asri: tilda, fikrda, ishda birlik» mavzusida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitini ana shu mushtarak irodamiz yanada mustahkamlanadigan muhim uchrashuv deb bilaman. Sammitda «Jon Ozarbayjon»dan qabul qilib oladigan davriy raislikni turkiy dunyoning umumiy maqsadlariga erishish va Tashkilotimizning tuzilmaviy salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan tarixiy mas’uliyat deb bilaman.

Ismoil G‘aspirali bizga meros qoldirgan birlik g‘oyasi bugun Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga yo‘nalish berib kelayotgan ilhom manbaidir. Naxchivonda qo‘yilgan poydevor ustida yuksalayotgan Tashkilotimiz umumiy tarix va madaniyatimizdan olgan kuch bilan kundan kunga yanada samarali tuzilmaga aylanmoqda. Endilikda qardoshligimizni kelgusi avlodlarga yetkazadigan kuchli muassasalar bilan mustahkamlash, mushtarak irodamizni loyihalar orqali barqaror yutuqlarga aylantirish vaqti keldi.

Jahon siyosati tub o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan bir davrda turkiy davlatlarning hamjihatligi strategik zaruratga aylandi. Xalqaro tizim adolat va ishonchni qaror toptirishda qiynalayotgan, urushlar va inqirozlar keng hududlarga ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda bu hamjihatlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mushtarak iroda atrofida jipslashgan turkiy davlatlar eng og‘ir sinovlarni yengib o‘tish va o‘z kelajagini belgilash qudratiga ega. Turkiy dunyo birligining asosi — har bir qardosh mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va milliy irodasiga bo‘lgan hurmatdir. Bu birlik umumiy qadriyatlar bilan bir qatorda o‘zaro ishonch va manfaatlarga tayanib yuksaladi.

Turkiy dunyoning iqtisodiy birlashuvi Tashkilotimiz kelgusi davrda alohida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarning eng muhimlaridan biridir. Bu jihatdan Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi Sharq–G‘arb O‘rta koridori tarixiy imkoniyat yaratmoqda. Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalari qayta shakllanayotgan bugungi kunda turkiy dunyo hududi global transport va logistika tarmoqlarining muhim markazlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Biz temir yo‘llarimizni, portlarimizni, avtomobil yo‘llari aloqalarini va bojxona tizimlarimizni bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit bir tizim sifatida rivojlantirmoqdamiz. Kaspiy dengizining ikki sohilini bir-biriga bog‘laydigan har bir sarmoya qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdoni kengaytiradi va umumiy farovonligimizga hissa qo‘shadi.

Shu maqsadda «Turkiy investisiya jamg‘armasi»dan yanada samarali foydalanamiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo yo‘lidagi to‘siqlarni birgalikda bartaraf etamiz, ishlab chiqarish va investisiya sohalarida bir-birimizning salohiyatimizni yanada mustahkamlaymiz. Energiya manbalarimiz, qayta tiklanuvchi energiya salohiyatimiz va aloqa infratuzilmamizdan mushtarak maqsadlar yo‘lida eng samarali tarzda foydalanamiz. Turkiy dunyoning turli hududlaridagi imkoniyatlarni yagona yo‘nalishda safarbar etib, ishlab chiqarish, savdo va texnologiya sohalarida qo‘lga kiritgan yutuqlarimizni birgalikda yanada ko‘paytiramiz.

Iqtisodiy sohada qaror toptirgan bu hamjihatlikni xavfsizlik sohasida ham qat’iyat bilan davom ettirmoqdamiz. Terrorizm, chegaraorti jinoyatlar, kibertahdidlar va tabiiy ofatlar qarshisida imkoniyatlarimizni birlashtirib, birgalikda harakat qilish salohiyatimizni rivojlantiramiz. Mudofaa sanoatida tajribalarimizni o‘zaro o‘rtoqlashgan holda, mahalliy va milliy texnologiyalarimizni rivojlantirib, mushtarak ishlab chiqarish quvvatimizni oshiramiz.

Birligimizning eng qimmatli tayanchi esa umumiy tamaddun shuurimizdir. Xoja Ahmad Yassaviy hikmati, Alisher Navoiy kalomi, Nizomiy Ganjaviy irfoni, Maxtumquli Firog‘iy misralari, Yunus Emroning ko‘ngil tili va Chingiz Aytmatovning qalami ayni bir buyuk tamaddunning sarhadlardan oshgan boyligini namoyon etib, uning kelajagiga nur sochuvchi timsollardir.

Umumiy turkiy alifbo borasida bildirilgan qat’iy iroda madaniy yaqinlashuvimiz yo‘lidagi tarixiy qadamdir. Bu qadamni ta’lim, ilm-fan, nashriyot va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorligimiz orqali yanada ilgariga olib chiqamiz. Yoshlarimizning qardosh mamlakatlarda ta’lim olishini rag‘batlantiramiz, universitetlarimiz va olimlarimizni bir-biriga yaqinlashtiramiz hamda turkiy tillarning sun’iy intellekt davrida o‘ziga munosib o‘rin egallashini ta’minlaymiz. Bilimimiz, tajribamiz va imkoniyatlarimizni birlashtirib, turkiy dunyoning kelajagini birgalikda shakllantiramiz.

Teran ildizlarga ega bu tamaddun zimmamizga yuklagan mas’uliyat — har qanday sharoitda ham qardoshligimizni asrab-avaylash, bir-birimizning huquq va manfaatlarimizni himoya qilishdir. Turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Kipr turk xalqi bilan hamjihatligimizni ham ana shu tushuncha asosida davom ettirmoqdamiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Tashkilotimizdagi kuzatuvchi maqomi beradigan imkoniyatlarni kengaytirishga va uning qardosh mamlakatlar bilan aloqalarini mustahkamlashiga katta ahamiyat bermoqdamiz. Kipr turklari uchrayotgan nohaq yakkalanishga barham berilishi, ularning suveren tengligi va teng xalqaro maqomi tan olinishi borasidagi qat’iy pozisiyamizni saqlab qolamiz.

Turkiy davlatlar tashkilotining mustahkamlanishi umumiy mintaqamizda tinchlik va o‘zaro ishonchning yanada qaror topishiga ham xizmat qiladi. Tashkilotimiz hamkorlik va hamjihatlikka asoslangan yondashuvi bilan mintaqaviy va global barqarorlikka hissa qo‘shishda davom etadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti oldidagi asosiy vazifa — mushtarak irodamizni iqtisodiy, siyosiy, madaniy va texnologik sohalarda barqaror yutuqlarga aylantirishdir. O‘z oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarimiz qardosh xalqlarimizning osoyishta hayoti, farovonligi va taraqqiyotida aniq natijalar sifatida o‘z ifodasini topgani sari qudratimiz yanada mustahkamlanadi.

Men XXI asr «Turkiy dunyo asri» bo‘lishiga butun qalbim bilan ishonaman. Anqara sammiti shu maqsad yo‘lida yangi ufqlar ochadi, Tashkilotimizning xalqaro maydondagi ta’sirini kuchaytiradi va qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Asrlar davomida qalbimizda yashatib kelgan birlik g‘oyasini boqiy ishlar orqali ro‘yobga chiqarish va kelgusi avlodlarga har jihatdan yanada qudratli turkiy dunyoni meros qoldirish — bizning eng ulkan vazifamizdir".

Rajab Toyyib Erdog‘an, Turkiya Respublikasi Prezidenti

Kiritildi: 19:46 30.10.2026. O'qildi: 630 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!