Evropa razvedka xizmatlari Iron bilan bog‘liq ehtimoliy yashirin operasiyalar soni ortib borayotganini qayd etmoqda. Fransiyaning Le Monde gazetasi o‘z surishtiruvi va maxsus xizmatlardagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tehron Yevropa davlatlari hududida hujumlar va diversiyalarni tashkil etish uchun transmilliy jinoiy guruhlardan tobora faolroq foydalanmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu kabi faoliyat Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya va Norvegiyani qamrab olgan. Gap buyurtma qotilliklar, o‘t qo‘yishlar, infratuzilma ob’ektlaridagi diversiyalar va kiberhujumlarni tayyorlash haqida bormoqda. Yevropa huquqni muhofaza qiluvchi organlari Iron maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda gumonlanayotgan shaxslarning faoliyatini surishtirmoqda.
Le Monde manbalari ushbu operasiyalarning faollashuvini Tehronning Yevropa hukumatlariga bosim o‘tkazish va xorijdagi ironlik muxolifat vakillarini qo‘rqitish urinishlari bilan bog‘laydi. Gazeta suhbatdoshlarining baholashicha, jinoiy vositachilardan foydalanish hujum tashkilotchilarini hamda ularning Iron davlat tuzilmalari bilan bevosita aloqasini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.
Evropa maxsus xizmatlari Iron razvedkasining uyushgan jinoiy guruhlar bilan hamkorligi tizimli tus olayotganidan xavotirda. Shu bilan birga, Tehronning surishtirilayotgan alohida epizodlarga aloqadorlik darajasi turlicha va ayblovlarning bir qismi hozircha sud orqali o‘z tasdig‘ini topmagan.