Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlatlar ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga ta’sir o‘tkazishi zarurligini bayon etdi. U o‘z fikrini asoslash uchun Fransiyadagi ommaviy e’tirozlarni misol qilib keltirdi — u yerda yuz minglab odamlar turmush darajasi pasayishi va narxlar oshishiga qarshi ko‘chalarga chiqmoqda.
Moskvadagi «Rossiya — Afrika» sammitiga tashrif buyurgan afrikalik vakillar oldida chiqish qilar ekan, Putin Fransiya rasmiylari ham yirik shaharlarda sodir bo‘layotgan voqealarga ijtimoiy tarmoqlarning ta’sirini qayd etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar internet-platformalar faoliyatiga qanday ta’sir o‘tkazish haqida birgalikda o‘ylab ko‘rishlari kerak. Biroq RF prezidenti aniq chora-tadbirlarni tilga olmadi.
Ushbu bayonot Roskomnadzor 14 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash taklifini ilgari surganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Davlat Dumasining axborot siyosati qo‘mitasiga yuborilgan qonun loyihasi voyaga yetmagan foydalanuvchilarni majburiy identifikasiya qilish va ularning internetda bo‘lish vaqtini cheklashni ko‘zda tutadi.
Roskomnadzor ushbu tashabbusni bolalarni taqiqlangan kontentdan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Idora vakili Valeriya Cheretskix regulyator o‘zi destruktiv deb hisoblaydigan siyosiy va boshqa materiallarni mustaqil ravishda to‘liq bloklashga qodir emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, taqiqlangan axborot tarqalishini cheklash mas’uliyatini platformalarning o‘zi kuchaytirishi lozim.
Ta’kidlash joizki, Cloudwards kompaniyasining internet erkinligi reytingiga ko‘ra, Rossiya 100 imkoniyatdan atigi 4 ball to‘plab, Eron, Xitoy va Pakistan bilan bir qatorda dunyoda oxirgidan oldingi o‘rinni egallagan. Undan pastda faqat no‘l ko‘rsatkich bilan Shimoliy Koreya joylashgan. Tadqiqotchilar Rossiyada yirik xalqaro platformalar, messenjerlar va mustaqil OAV tizimli ravishda bloklanayotgani yoki ularga kirish cheklanayotganini alohida qayd etishgan.