Hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang ko‘tariladi.
Bugungi kunda qurilish va urbanizasiya ko‘lamining kengayishi, qurilish ob’ektlari maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi holatlari atmosfera havosining yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda qurilishlar sonining ortishidan paydo bo‘layotgan chang xalqaro normadan 10 barobar yuqori bo‘lyapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang ko‘tariladi. Biroq qonunchilikda bunday harakatlar uchun aniq javobgarlik belgilanmagan.
Avval xabar berganimizdek, qurilishlarda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. Bugun mazkur loyiha quyi palatadagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ekologik vaziyatni yaxshilashga, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish borasidagi konstitusiyaviy huquqlari hamda salomatliklari ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda oxirgi ikki yilda yurak va qon-tomir kasalligi 13 foizga, nafas yo‘llari kasalliklari (astma, bronxit) esa 9 foizga ko‘paygan. Shunday ekan, ushbu loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar hayotiy ahamiyatga molikdir.
Shuningdek, yig‘ilishda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda muhokama qilinib, bir qator taklif va tavsiyalar berildi.