Deputat Alisher Qodirov uni haqorat qilganlarni jazolamoqchiligini ma’lum qildi.
“Intizomsizga marhamat qilib jamiyatda nizomni beqadr qilayotganimizni tushundik. Erkin jamiyat milliy taraqqiyotning o‘zagidir. Erkinlik — farosati borlar uchun imkoniyat, farosati yo‘q notavonlar uchun zahmat olib keladi.
Tanqidlarga ochiqmiz, muloqot va muhokama vazifamiz, lekin ommaviy chiqishlarda haqorat ishlatadigan farosatida nuqsonlilarni jazolash orqali jamiyatni o‘zgarishiga hissa qo‘shmoqchimiz”, deb yozdi u va so‘zining so‘nggida #haqoratjazolanadi deya heshteg qoldirdi.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari 23 yanvar kuni “gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmasligi”ni aytgandi.
“Gaz qimmat resurs, 1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijga sotish va uning puliga millionlab qorako‘zlarimizga ish o‘rni yaratish mumkin. Tilla qatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmaydi”, deb yozgandi deputat o‘z sahifasida.
U elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirib, gaz o‘rniga elektr energiyasi ishlatishni o‘rganish kerakligini ta’kidlagandi.
Bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar deputatni bu fikrlar uchun haqoratlab izohlar yozmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (7,5 million so‘mdan 15 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev Alisher Qodirovning gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatish qimmatga tushayotgani haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi.