2024 yil noyabr oyida Andijon viloyatida erkak 13 yoshli qo‘shni qiz bilan jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘lgan va buning uchun atigi 5 sutka ma’muriy qamoqqa hukm qilingan. Bu haqda O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka qarshi loyiha Nemolchi.uz xabar berdi.
Sud materiallari va o‘zining guvohligiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan Bahodir Ortiqov rafiqasi bilan bo‘lgan intim ehtiyojlarini qondira olmagan va unga qo‘shnisi M.ni olib kelishini aytgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, u uxlab qolgan va keyin nima bo‘lganini eslay olmagan.
Qo‘shnisi M. — 13 yoshda, u 2011 yilda tug‘ilgan, deb ta’kidlaydi loyiha.
Voyaga yetmagan M. sudda o‘sha kuni qo‘shnisi uni uyiga olib kelib, eri bilan jinsiy aloqada bo‘lishini aytganini ma’lum qilgan. Ayol, shuningdek, o‘smir «hech narsani ko‘rmasligi va og‘riqni his qilmasligi» uchun ko‘zini bog‘lab qo‘yishini aytgan va buning uchun 50 ming so‘m taklif qilgan. Qizcha rad etgach, suhbatga Ortiqov aralashgan va agar u rozi bo‘lsa, 100 ming so‘m to‘lashni aytgan. Qizcha qo‘rqib ketib, qochib ketgan.
Voyaga yetmagan qizning onasi sudda qizlari M. va R. unga qo‘ng‘iroq qilib, M.ni Ortiqov o‘zining jinsiy ehtiyojlarini qondirishi uchun qo‘shnilar uyiga olib kelganini aytishgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, tan jarohati yoki zo‘ravonlik holati bo‘lmagan, ammo shikoyatni qanoatlantirishni so‘ragan: uning fikricha, Ortiqov va uning rafiqasi harakatlarida jinoyat belgilari bo‘lishi mumkin. Shu bois ona birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ish materiallarini prokuraturaga yuborishni so‘ragan.
Sudya A. Begmatov raisligidagi birinchi instansiya sudi Bahodir Ortiqov va uning rafiqasi harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi «Shahvoniy shilqimlik» bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilingan deb topgan.
Sudya N.Mirzodjonov raisligidagi apellyasiya sudi qizning onasining shikoyatini qanoatlantirishni rad etgan, shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorni o‘zgarishsiz qoldirib, jinoyat ishini qo‘zg‘atish zarurligi to‘g‘risidagi arizaga rozi bo‘lmagan. Ortiqovga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi, xotiniga esa davlat foydasiga 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.