2026 yilda boshlang‘ich narxi 407,6 mlrd so‘mlik 781 ta tanlov savdosida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024–2026 yillarda o‘tkazilgan tender savdolarida jami 2 440 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan.
O‘rganishlarda ayrim savdolarda raqobatni cheklovchi talablar belgilash, affillanganlik va ishtirokchilar takliflarini noto‘g‘ri baholash holatlari aniqlangan.
Jumladan, «Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi» AJning 1,2 mlrd so‘mlik, «Qarshi shahar kurash mahorat maktabi» DMning 1,9 mlrd so‘mlik hamda «Nishon tuman suv yetkazib berish xizmati» DMning 1,4 mlrd so‘mlik tanlovlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, so‘nggi uch yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 180 ga yaqin mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.