Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati elektr energiyasi savdosi uchun yagona platforma yaratmoqchi

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati elektr energiyasi savdosi uchun yagona platforma yaratmoqchi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida elektr energiyasini sotish va xarid qilish imkonini beruvchi yagona mintaqaviy savdo platformasi tashkil etiladi. Loyiha orqali bir mamlakatdagi ortiqcha elektr energiyasini boshqa davlatdagi taqchillikni qoplash uchun yetkazib berish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu tashabbus Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozorining o‘zaro bog‘liqligi va savdosini rivojlantirish (REMIT) dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Qozog‘istonning KEGOC kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, platformani ishlab chiqish va ishga tushirish uchun xalqaro tender e’lon qilingan. Uni muvofiqlashtiruvchi «Energiya» mintaqaviy dispetcherlik markazi amalga oshiradi.

Dastlab savdolarni bir kun oldindan rejalashtirish mexanizmi joriy etiladi. Bunda ishtirokchilar ortiqcha elektr energiyasini sotuvga qo‘yishi yoki ehtiyojni qoplash uchun xaridga buyurtma berishi mumkin bo‘ladi. Yangi tizim amaldagi uzoq muddatli ikki tomonlama shartnomalarni to‘ldiradi. Hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Texnik topshiriqqa ko‘ra, platformani ishlab chiqish va joriy etish uchun 18 oy ajratilgan. Ishga tushirilgandan keyin pilot bozor faoliyati yana 24 oy davomida qo‘llab-quvvatlanadi.

Kiritildi: Bugun 02:26. O'qildi: 677 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik