Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan «Kasblar shaharchasi» faoliyati bilan tanishdi.
Qiymati 42 mlrd so‘m bo‘lgan texnikum 5,2 gektar maydonda joylashgan. Muassasa 14 ta bino va inshootni qamrab olib, 80 ta ish o‘rni yaratilgan. Unda o‘quv binolari, laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va «Kasblar shaharchasi» mavjud.
Hozirda texnikumda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. O‘quv jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi tatbiq etilmoqda. Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza bo‘lib xizmat qiladi. Ularda o‘qiyotgan 2 ming 800 nafar o‘quvchi texnikumda amaliyot o‘taydi.
Amaliyot va dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan. Yana 11 ta tashkilot bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga o‘qitib, Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyotga yuborish ko‘zda tutilgan. Prezident stajirovkaga ketayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
— Barcha sa’y-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli bo‘lsangiz, hech qachon kam bo‘lmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda bo‘lmang, o‘z o‘rningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan to‘g‘ri foydalansangiz, o‘zingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor o‘tmasin, — dedi Prezident.
«Kasblar shaharchasi» maktab o‘quvchilarining qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan. Bu yerda yoshlar axborot texnologiyalari, «yashil» energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat ko‘rsatish bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Viloyatdagi investisiya loyihalari yangi mutaxassislarga talabni oshirmoqda. Shu bois ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga moslashtirish, texnikum imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar va Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar haqida ham axborot berildi.