Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlari bilan ehtimoliy harbiy to‘qnashuv yuzasidan bayonot berdi. U Moskva bunday urushni istamasligini, ammo har qanday vaziyatga tayyor ekanini ta’kidladi.
29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Putin ayrim Yevropa mamlakatlari 2030 yilgacha Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida gapirayotganini bildirdi.
«Biz urushga tayyormiz, ammo Yevropa bilan urushni xohlamaymiz. Agar kimdir urushni istasa, tayyorgarlik ko‘raversin», — dedi Rossiya rahbari.
Putinning fikricha, G‘arb Rossiyani strategik mag‘lubiyatga uchratish maqsadiga erisha olmagan va 2030 yilgacha ham bunga erishishi qiyin.
«Agar vaziyat haddan tashqari keskinlashsa, bunday urushda umuman g‘olib bo‘lmaydi. Buni hech kim unutmasin», — deya ogohlantirdi u.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Moskva Yevropa davlatlari bilan to‘laqonli munosabatlarni tiklashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.